Eronda muddatidan oldingi prezidentlik saylovi sanasi ma’lum.
Shuningdek, prezident Ibrohim Raisiyning dafn marosimi qachon va qayerda bo‘lib o‘tishi ham ommaga e’lon qilindi.
Eron Islom Respublikasining IRNA davlat agentligi prezident Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot qulashiga texnik nosozlik sabab bo‘lgani haqida ma’lum qildi.
“Raisiy yakshanba kuni (2024-yil 19-may) vertolyotdagi texnik nosozlik tufayli sodir bo‘lgan aviahalokatda vafot etdi”, deb yozdi agentlik o‘z xabarida.
Mamlakatning nufuzli Mehr agentligi esa ushbu aviahalokatda halok bo‘lganlarning barchasi shahid deb e’lon qilinganini yozgan.
Ibrohim Raisiyning dafn marosimi o‘zi tug‘ilgan Mashhad shahrida 23-may kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, hozirda dafn marosimi o‘tkazish uchun davlat maxsus qo‘mitasi tuzilgan.
Shuningdek, Eron Islom Respublikasining saylov komissiyasi matbuot kotibi Muhsin Islomiy yangi davlat rahbari uchun muddatidan oldingi saylov 2024-yil 28-iyun kuni bo‘lishini e’lon qilgan.