Yandex Go ilovasi elektromobillar uchun yangi tarifni taqdim etdi

Buyutmachi “Elektro” tarifini tanlanganda unga faqat elektromobil xizmat ko‘rsatadi

Yandex Go xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan ilova 2024-yil 21-may sanasidan boshlab taksi xizmati foydalanuvchilari uchun yangi “Elektro” tarifini ishga tushirdi.

“Yandex GO UB” mas’uliyati cheklangan jamiyati xabariga ko‘ra, yangi tarifga kirish uchun taksi haydovchilarining reytingi yuqori bo‘lishi kerak. Shuningdek, haydovchilarga yangi tarifdan foydalanishga ruxsat berilishidan oldin yo‘lovchilar bilan muloqot qilish standartlari, dress-kod va yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari bo‘yicha qo‘shimcha treningdan o‘tish talabi qo‘yiladi.

Yandex Go kompaniyasining Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Kirill Svinsov alohida tarif Toshkent shahri aholisiga yanada ekologik toza transport turlariga o‘tish imkoniyatini berishini, bu esa atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishini, bundan tashqari, elektr transporti shahar hayoti sifatini yaxshilashini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda Yandex Go taksi xizmatida “Birga”, “Start”, “Komfort”, “Komfort+”, “Biznes” va yangi ishga tushirilgan “Elektro” tariflari mavjud. “Elektro” hozircha tariflar ichida eng qimmat variant bo‘lib turibdi, shuningdek, buyurtmachilar ushbu tarifdan foydalanmoqchi bo‘lganda boshqa tariflardan farqli o‘laroq, elektromobillar kelishini ko‘proq vaqt kutishi talab etiladi.