Asli Sirdaryolik AQSh uchuvchisi Javohir Xolmurodov “Uzbekistan Airways”ga ishga qabul qilinmadi

7 toifali xalqaro uchuvchilik litsenziyalarining 6 ta toifasiga ega bo‘lgan Javohir rus tilini mukammal bilmagani uchun “Uzbekistan Airways”ga ishga olinmadi

Javohir Xolmurodov Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida tavallud topgan, u bolaligidan aviatsiya sohasiga qiziqqan va tasodifni qarangki, u istiqomat qilgan ko‘cha nomi ham aynan “Fazogirlar” deb nomlangan. Javohir maktabni tamomlagach, Yangiyer shahridagi Akademik litseyning aniq fanlar yo‘nalishini tamomlagan. Shundan so‘ng qahramonimiz 4 yillik  oliy ta’limni Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining Mehmonxona turizmi yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 

Javohir Xolmurodov Amerika Qo‘shma Shtatlariga mehmonxona turizmi sohasi bo‘yicha ishchi viza olib kelgan. Bir qancha vaqtdan so‘ng Texasdan Pittsburgga ko‘chgan Javohir keyinchalik pitsa tayyorlash, uni yetkazib berish kabi ishlar bilan shug‘ullanadi. Shundan so‘ng Mayamiga ko‘chgan qahramonimiz yuk mashinasini haydash guvohnomasini qo‘lga kiritgan va yuk tashish xizmati bilan 2018-2022-yillar oralig‘ida shug‘ullangan. 

Javohir Xolmurodov 2020-yildan boshlab aviatsiya sohasiga qiziqib, dastlabki onlayn darslarni o‘rganishni boshlagan, shu bilan professional darajada aviatsiya sohasiga kirib kelgan. Amerika Qo‘shma Shtatlarining Federal Aviatsiya Administratsiyasi talablariga ko‘ra, xalqaro darajadagi professional uchuvchi bo‘lish uchun 7 toifadagi uchuvchilik sertifikatlarini qo‘lga kiritish lozim. Bular quyidagilardan iboratdir:

1. Student pilot – O‘rganuvchi uchuvchilik sertifikati (yo‘lovchilarsiz, faqatgina instructor bilan uchishga ruxsat etiladi);

2. Sport pilot – Sport uchuvchilik sertifikati (2 kishilik joyga ega samolyot, 20 soatlik uchish tajribasiga ega uchuvchilik tajribasi talab etiladi, instruktorsiz uchish qat’iyan man etiladi);

3. Recreational Pilot – Dam olish, uchuvchilik bilan sevimli mashg‘ulot sifatida shug‘ullanadigan uchuvchilar sertifikati (faqat 1 yo‘lovchi bilan uchishga ruxsat beriladi, jami 3 soatlik uchish tajribasiga ega bo‘lish talab qilinadi);

4. Private Pilot – Xususiy uchuvchilik sertifikati (40 soatlik uchish tajribasi talab qilinadi, favqulotda ob-havo sharoitlarida uchish uchun qo‘shimcha reyting baholarga ega bo‘lishi lozim);

5. Commercial Pilot – Tijoriy uchuvchilik sertifikati (umumiy 250 soatlik uchish tajribasi talab etiladi, bulardan 50 soat – samolyotlarda, 10 soat – mustaqil uchish tajribasi va hokazo);

6. Airline Transport Pilot – Aviakompaniya Transporti uchun uchuvchilik sertifikati (1500 soatlik uchish tajribasiga ega bo‘lish talab etiladi, shuningdek, 4- va 5-uchuvchilik sertifikatlariga ham ega bo‘lish kerak);

7. Certified Flight Instructor – Sertifikatlangan Parvoz Instruktori ya’ni bo‘lajak uchuvchilarni o‘qitishga mo‘ljallangan sertifikat turi (250 soat uchish tajribasi, shuningdek, , 4- va 5-uchuvchilik sertifikatlariga ega bo‘lish talab etiladi).

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Pensilvaniya shtati, Pittsburg shahrida istiqomat qilib kelayotgan boshqa bir hamyurtimiz Ibrohim Muhammad o‘zining Facebook sahifasida Javohir Xolmurodovning “Uzbekistan Airways”ga ishga qabul qilinmagani haqida post qoldirdi. (Ibrohim Muhammad va Javohir Xolmurodov AQShda yaqindan tanishishgan, ularning Javohir boshqaruvidagi samolyotda uchgan videosi Javohir | Pilot Telegram blogida bir qancha mashhurlikka erishgan).

Ibrohim Muhammad o‘zining Facebook sahifasida shunday yozadi:

“Amerikada uchuvchilikka o‘qigan Javohir haqida avval ham yozgan edim. Hozir u o‘zi o‘qigan markazda uchuvchi instruktor bo‘lib ishlayapti, yangi talabalarga uchuvchilikni o’rgatyapti. U haqida “Subyektiv” ko‘rsatuv qilgandan keyin “O‘zbekiston havo yo‘llari” da ishlaydigan ba’zi xodimlar aloqaga chiqib, yaxshi gaplar aytishgan edi. Aytishlaricha, Javohirdagi xalqaro sertifikat milliy aviakompaniyamizdagi birorta uchuvchida yo’q ekan. 

   Javohir O‘zbekistondagi uchuvchilar bilan tanishib, gaplashib turadigan bo‘ldi. Shu suhbatlardan keyin Javohirda “O‘zbekiston havo yo‘llari”da ishlash fikri tug‘ilib qoldi. Amerikada karrasiga ko‘p pul to‘laydigan mashhur aviakompaniyalardan tinmay takliflar tushayotgan bo’lsa ham, Javohir “Ota-onamni oldida, O‘zbekistonda ishlayman”, deb qaror qildi. Yakka o‘g‘il bo‘lgani uchun ota-onasi ham bu qarordan juda xursand bo‘lishdi. 

   Qisqasi bugun suhbat bo‘lib o‘tdi. Suhbat rus tilida bo‘libdi, hammasi juda zo‘r, faqat “ruschasi” uncha yaxshi emasmish. “O‘zbekiston havo yo‘llari”da ish rus tilida olib borilar ekan. “Sizga o‘xshagan yigitlar kelib turishadi, ular ham ingliz tilida o‘qishgani uchun “ruscha” imtihondan o‘ta olishmaydi”, debdi suhbatdoshi. “O‘zbekistoda uchuvchilar tayyorlaydigan markaz ochmoqchi edim, Amerika o‘quv dasturi bo‘yicha, o‘rgangan narsalarimni vatanimda o‘rgatgim kelgan edi, bizda haligacha eski uslubda o‘qitashadi. Bir kuni nasib qilsa, birorta rus tilidagi termin ishlatilmaydigan o‘quv markaz qilaman”, deydi Javohir.

   Nima ham derdik, 3-4 ta “qari o‘ris” yoki “o‘risqul” o‘tirib olgan bo‘lsa, shu joy bo‘shashini, yangicha fikrlaydigan yoshlar kelishini kutishga to‘g‘ri keladi. Shundan keyin Javohir aytgan o’quv markaz ham ochilar. “MILLIY” aviakompaniyamiz o‘zbek tilida ish yuritadigan ham bo’lar”.

Javohir Xolmurodov hozirda Private pilot, Instrument rating, Commercial pilot, Instructor pilot: a) Commercial Single-Engine License; b) Instrument rating; c) Commercial Multi-Engine License, Certified Flight Instructor sertifikatlariga ega, hozirda u Aviakompaniya Transporti Uchuvchisi sertifikatini qo‘lga kiritish uchun tajriba orttirib kelmoqda. Buning uchun Javohirdan 1500 soatlik uchish tajribasiga ega bo‘lish talab etiladi. 

O‘ylaymizki, Javohir Xolmurodov yetarli tajriba to‘plab, dunyoning yetakchi aviakompaniyalaridan birida yuqori malakali o‘zbek uchuvchisi sifatida ish boshlaydi. Tahririyatimiz nomidan uning kelgusi ish faoliyatiga omad tilaymiz!