1-iyuldan boshlab tez yordam brigadalari shifokorlari faoliyati tugatiladi(mi?)!
Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam shifokorlari o‘rnini feldsherlar egallashi haqida xabarlar tarqaldi: 1064 kishi ishsiz qoladimi?
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda sizib chiqqan bir xabar keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda: 1-iyul sanasidan boshlab tez tibbiy yordam brigadalarida shifokorlar o‘rnini feldsherlar egallaydi, buning natijasida 1064 nafar shifokorlar shtatini qisqartirish va davlat byudjeti defitsiti miqdorini kamaytirish reja qilinmoqda.
Ko‘pgina e’tirozlar va tarmoqdagi muhokamalardan so‘ng taniqli jurnalist Ilyos Safarov mavzu yuzasidan Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov bilan bog‘langanini ma’lum qildi. Markaz direktori bu kabi xabarlarning hech birida asos yo‘qligini, tez tibbiy yordam brigadalaridagi shifokorlar shtatini qisqartirish haqida o‘ylanmayotganini ta’kidlab o‘tgan.
“Bunday mazmundagi xabarlar feykdan boshqa narsa emas”, – degan Abduvoitjon G’afurov.
Tez tibbiy yordam xizmatida faoliyat yuritayotgan shifokorlar shtatini qisqartirish haqidagi xabarlar asossiz, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilardan turli feyk xabarlarga ishonmaslik so‘raladi.