Abbosbek Fayzullayev Rossiyada “Mavsum kashfiyoti” bo‘ldi.
Abbosbek keyingi mavsumda ham SSKAda qolish yoki qolmasligi haqidagi savolga shaxsan javob berdi. Uning keyingi klubi qaysi bo‘ladi?
26-may kuni Rossiya premyer ligasida 2023/24-mavsum o‘z nihoyasiga yetdi, shu kuni Moskva shahridagi Mosfilm Kinoparkida mavsumning eng yaxshi futbolchilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Quvonarlisi, “Mavsum kashfiyoti” nominatsiyasining yakuniy – uchlik finali ro‘yxatidan joy olgan hamyurtimiz, SSKA futbol klubi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev yakunda eskpertlar hamda muxlislarning bergan ovozlari soniga ko‘ra g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Abbosbek Fayzullayev sovrinni qabul qilib olgach, bu g‘alabaga erishish yo‘lida unga yordam bergan barcha yaqinlariga minnatdorlik bildirdi:
“Hammaga xayrli kech, men uchun ovoz bergan barchaga rahmat, bunday sovrinni qo’lga kiritish juda yoqimli, meni qo’llab-quvvatlagan jamoadoshlarim, murabbiylar va klub rahbariyatiga, shuningdek, barcha SSKA muxlislariga rahmat aytmoqchiman. Bunday qo’llab-quvvatlash uchun ota-onam va yaqinlarimga katta rahmat!”
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev bu mavsum SSKA tarkibida jami 21 o‘yinda maydonga tushib, 4 gol va 7 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.
Marosim yakunida Abbosbek ba’zi jurnalistlarning SSKAda qolish yoki qolmasligi to‘g‘risidagi savollariga shunday javob bergan:
“SSKAda qolamanmi? Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Hozir birinchi navbatda dam olishni xohlayman. Futbol haqida o‘ylamasdan, shunchaki hordiq chiqargan holatim anchadan beri bo‘lmadi. Charchoq yig‘ilib qoldi, chunki juda ko‘p o‘yin o‘tkazdim”.
Qayd etish lozim, biroz muddat ilgari Abbosbek Fayzullayevga Germaniyaning “Bavariya” hamda “Bayer Leverkusen” jamoalari qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Abbosbek Fayzullayevning “SSKA” bilan tuzgan shartnomasi 2026-yilning 30-iyunida yakuniga yetadi, hozirgi transfer qiymati transfermarkt.com sayti tomonidan 5 mln yevroga baholangan.