O‘zbekistonda AQSh dollaridan voz kechiladi(mi?)!
AQSh dollarining rasmiy kursi ketma-ket 10-kun pasayib ketishi bunga asosiy sababmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston va Rossiya dollardan to‘liq voz kechadi, davlatlar milliy valyuta orqali to‘lovlarga o‘tmoqda” mazmunida xabarlar tarqaldi.
2024-yil 26-27-may kunlarida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi tarmoqlarda dollardan voz kechish haqidagi feyk xabarlar tarqalishiga olib keldi. O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralar haqidagi xabarlarda “Oliy darajadagi muzokaralarda ikki tomonlama hisob-kitoblarda milliy valyutalarga o‘tish nihoyatda muhim ekani ta’kidlandi” degan jumla tarmoq foydalanuvchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Telegram messenjeridagi ba’zi kanallarda bu xabarlar go‘yoki “O‘zbekiston AQSh dollaridan butunlay voz kechdi”, degan mazmun-mohiyatda tarqatilmoqda.
Ba’zi xabarlarda esa AQSh dollari kursining ketma-ket 10 kun davomida pasayib borishi dollardan voz kechishga qaratilgan harakat, deya baholanmoqda.
E’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2024-yil 17-may kunida 1 AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan qiymati 12 694,87 so‘mni tashkil etgan. 2024-yil 27-may sanasiga kelib bu qiymat 12 679,99 so‘mgacha tushgan. Ammo AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan qiymati tushishi ortida hech qanday amaliyot mavjud emas, dollardan voz kechish, uni muomaladan chiqarish to‘g‘risidagi xabarlar mutlaq asossiz.