9 yoshli andijonlik Muslimbek Xolmuxammedov IELTSdan 6.5 balni qo‘lga kiritdi

Qahramonimiz IELTS dovonidan o‘tdi, endigi navbat Xalqaro Spelling Bee musobaqasiga
Muslimbek Xolmuxammedov 9 yoshda, u 25-may sanasida o‘tkazilgan Xalqaro ingliz tilini bilish darajasini aniqlash tizimi – IELTS imtihonidan 6.5 balni qo‘lga kiritdi. Muslimbek 2014-yilda Andijon viloyatida tavallud topgan. Hozirda Andijon shahridagi xususiy maktab – ADC (Andijan Development Center) da tahsil oladi. Qahramonimiz nafaqat ingliz tilini, balki maktabdagi boshqa barcha fanlarni ham qunt bilan o‘zlashtirib kelmoqda. Muslimbekning xorijiy tillarga qiziqishida oilaviy muhitning o‘rni va ahamiyati ham beqiyos, 9 yoshli bolakayning ona tili – o‘zbek tili, shu bilan birgalikda u rus va ingliz tillarida ham erkin muloqot qila oladi. Muslimbekning oyisi ingliz tili o‘qituvchisi, Sevara opa ham o‘g‘li tahsil olib kelayotgan ADC maktabida o‘z faoliyatini olib boradi.
Sevara opa farzandining ta’lim jarayonini doimiy nazorat qilib boradi, xonadondagi ma’rifiy muhit va intizom Muslimbekning o‘quv faoliyatida muvaffaqiyat qozonishida alohida o‘rin tutadi. Muslimbek nafaqat o‘zbek va rus, balki ingliz tilidagi kitoblarni ham sevib mutolaa qiladi, hozirgi kunda u Robert Kiyosakining “Rich dad, poor dad” bestsellerini o‘qish bilan band.

Muslimbekning IELTS imtihonidagi natijasiga havas qilsa arziydi, u imtihon komponentlaridan quyidagi natijalarga erishdi:
- Listening (Tinglab tushunish) – 6.5 ball
- Reading (O’qib tushunish) – 6.5 ball
- Writing (Yozish ko‘nikmasi) – 6.0 ball
- Speaking (Gapirish ko‘nikmasi) – 6.5 ball

Muslimbek harakatdan to‘xtamoqchi emas, uning endigi maqsadi – Xalqaro Spelling Bee musobaqasida g‘olib bo‘lish. U hozir Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Spelling Bee turnirining 2-bosqichida ishtirok etib, respublika bo‘yicha o‘z yo‘nalishi ro‘yxatida peshqadam bo‘lib turibdi.

Tahririyatimiz nomidan Muslimbekning kelgusi ishlariga va o‘quv faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Mamlakatimizda Muslimbek kabi ilmga chanqoq va zukko bolalar soni ortib borishi tilakdoshimiz.
