AQSHda prezidentlik poygasi: Trampga qarshi vitse-prezident Harris
Joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida demokratlar vitse-prezident Kamala Harris nomzodini ko‘satadi. Saylovga 107 kun qolganida amaldagi prezident Jo Bayden saylovdan ketganini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng demokratlardan prezidentlikka asosiy nomzodlar orasida Kamala Harris nomzodi qo‘llab-quvvatlanmoqda.
59 yoshli nomzod haqida uning raqibi Donald Tramp, “Kamala Harris Isroildan qochmoqda. U yahudiy xalqiga keskin qarshi” — dedi.
U shuningdek, “Shunday hurmatsizlik va yomon munosabat boʻlganda, baʼzi yahudiylar qanday qilib demokratlarga ovoz berishlari meni qiziqtirmoqda. Bu hayratlanarli. Men buni tushunmayapman”, — deya qoʻshimcha qildi.
Avvalroq, “Kamala Harrisni ikki soʻz bilan ta’riflash mumkin — alamzada va nodon. Bu juda yomon kombinatsiya”— degan edi The New York Post gazetasiga bergan intervyusida.
Kamala Harris esa, “Men Demokratik partiyani va mamlakatimizni birlashtirish va Donald Trampni mag‘lub etish uchun qo‘limdan keladigan barcha ishni qilaman”, — degan edi.
Ma’lumot uchun Kamala Harris AQSh tarixida eng yuqori lavozimda ishlaydigan ilk ayol rasmiy hamda ilk afroamerikalik va osiyolik amerikalik vitse-prezidentdir.
Demokratlar partiyasi aʼzosi boʻlgan Harris 2011-yildan 2017-yilga qadar Kaliforniya bosh prokurori, 2017-yildan 2021-yilga qadar esa Kaliforniyadan AQSh senatori vazifalarini bajargan. 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida Harris Joe Bidenning yordamchisi (vitse-prezident) sifatida qatnashib, amaldagi prezident Donald Trump va vitse-prezident Mike Pence ustidan gʻalaba qozonishgandi.
Shunday qilib, amerikaliklar yaqinlashib kelayotgan saylovda o‘z irodasini ifoda etadi va o‘zlari munosib deb bilgan nomzodga ovoz beradi.