AQSHdagi qariyalar uyida yashovchi juftlik turmush qurdi: kelin 102, kuyov esa 100 yoshda   

AQSHning Pensilvaniya shtatida joylashgan Filadelfiya shahrida ikki keksa ishtirokida noodatiy toʻy marosimi boʻlib oʻtdi. 102 yoshli Marjori Fiterman 100 yoshli Berni Littmanga turmushga chiqdi. Bu haqda “Pravila jizni” nashri xabar berdi.   

Toʻy qariyalar uyida boʻlib oʻtdi. Ular ushbu maskanda 9 yil avval tanishgan. Littmanning nabirasi Sara Sixermanning soʻzlariga koʻra, uning bobosi va Marjori bir-biriga dalda boʻluvchi eng yaxshi hamrohni uchratdi. Ular koʻp vaqtini birga oʻtkazadi, ikkovi sport bilan shugʻullanadi. Ular koronavirus pandemiyasini ham birgalikda boshdan oʻtkazdi va turli vaziyatlarda bir-birini qoʻllab-quvvatladi.   Berni 65 yillik turmushga ega, biroq uning rafiqasi Marjori bilan uchrashishidan bir necha yil avval vafot etgan. Marjori ham sevimli turmush oʻrtogʻi bilan uzoq yillar baxtli yashadi, biroq u 1999-yilda vafot etdi.    

Ajablanarlisi, yangi kelin-kuyov bundan ancha yillar ilgari uchrashib qolishi mumkin edi. Ularning ikkisi ham yoshlikda Pensilvaniya universitetida bir vaqtda tahsil olgan, ammo taʼlim yoʻnalishi turli boʻlganligi sabab Berni va Marjorining yoʻllari kesishmagan.    

Sara Sixermann bobosining toʻyini Ginnes rekordlari kitobiga kiritishni istaydi. Ularning umumiy yoshi 202 yilni tashkil etadi.