“Shang‘illab baqirma menga” yoxud Asakaning “Xalq otasi” deya ataladigan hokimi

Ijtimoiy tarmoqlarda Asaka tumani hokimi o‘tkazgan fuqarolar qabuli yuzasidan videoning tarqalishi va keng jamoatchilik e’tirozi

Joriy yilning 26-iyun kuni Telegramdagi “ELTUZ” telegram kanalida Asaka tumani hokimi Nasibillo Mo‘minovning fuqarolar qabulida murojaatchi ayol kishiga qo‘pol muomalada bo‘lgani hamda uning ortidan “Shang‘illab baqirma menga!” degan so‘zlari hamda tumanning mutasaddi ayoli hokimni “Xalq otasi” degani aks etgan video tasvir e’lon qilindi.

Videoda hokimga nisbatan murojaatchi ayol bildirayotgan e’tirozlarga ko’ra, hokim ayolning murojaatiga nisbatan turli qo’pol so’zlar va shaxsiyatga aralashuv bilan baland ovozda javob qaytargan. Bunga nisbatan ayol hokimga “Siz nega meni trumushimni gapiryabsiz. Siz nimaga menga baqiryabsiz?” deya e’tiroz bildirgan. Video to’liq va batafsil bo’lmasada mavjud yozuvlarning o’zidan ham muloqot qay tarzda kechganini ko’rish mumkin.

Video tasvirga qo‘shimcha qilinishicha, Asaka tuman hokimi ishtirokida o‘tadigan qabul jarayonlarida, murojaat bilan kelgan fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilish hamda ba’zida ularni haqorat qilish tuman hokimi Nasibillo Mo‘minovning odatiga aylangani hamda tumanda fuqarolarning murojaatlari hal qilinmayotgani keltiriladi.

E’lon qilingan materialda hokim bilan muloqotda bo‘lgan murojaatchining shaxsiga oydinlik kiritilmagan.

Ushbu video tasvir “ELTUZ” telegram kanalida e’lon qilingach qisqa muddatlarda keng jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Xususan, bir nechta katta auditoriya ega blog yurituvchilari video tasvirni o‘z sahifalarida ulashib, hokim ushbu xatti-harakatlari uchun uzr so‘rashi kerakligi hamda viloyat hokimligi tomonidan tuman hokimining faoliyatiga qonuniy baho berilishi so‘ralgan.

Voqea aslida qachon bo‘lib o‘tgan?

“ELTUZ” telegram kanalida ushbu material 26-iyun kuni e’lon qilingan. Manbada keltirilishicha Asaka tuman hokiming ayni video tasvirdagi fuqarolar qabuli “oyning yakuniy shanbasida” o‘tkazilgan deyiladi va post yakunida 22-iyun bo‘lib o‘tgan fuqarolar qabuliga ishora qilinadi.

rakurs.news tahririyati video tasvirni tahlil qilgan holda Asaka tuman hokimligining veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini o‘rganib chiqdi. Afsuski, tuman hokimligi Matbuot xizmati holatga munosabat bildirmagan hamda Andijon viloyati hokimligining veb-saytida ko‘rsatilgan Asaka tuman hokimligi rasmiy sayti ishlamayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tahririyatimiz Asaka tumani hokimligi Matbuot xizmatining telegram messenjeridagi sahifasida Asaka tumani hokimi Nasibillo Mo‘minovning joriy yilda fuqarolar bilan o’tkazgan barcha uchrashuvlarini o’rganib chiqdi va holat video ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinishidan 46 kun avval 11-may kuni o’tkazilgani aniqlandi.

Hokimlik Matbuot xizmati e’lon qilingan suratlar ichida video tasvirdagi tuman hokimi “Shang’illab baqirma menga!” deya qo’pollik qilgan ayolning hokim bilan muloqot qilayotgan suratini ham ko’rishingiz mumkin. Shu bilan birga, rasmlardan ko’rish mumkinki tuman hokimining kiyimlari, qabulda ishtirok etgan mutasaddilar hamda tuman hokimini “Xalq otasi” deya atagan mutasaddi ayol “ELTUZ” telegram kanalida e’lon qilingan video tasvirdagi bilan bir xil. 

Asaka tumani hokimi Nasibillo Mo‘minov haqida

Nasibillo Mo’minov Asaka tumani hokimi lavozimiga 2023-yil 20-oktyabr sanasida tayinlangan.

U 1983 yil Andijon tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 2001 yilda Andijon qurilish texnikumining maxsus fan o‘qituvchisi vazifasidan boshlagan.

2017−2018 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Andijon viloyati bo‘limi boshlig‘i, 2018−2019 yillarda Andijon viloyati hokimligi kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida ishlagan. Shuningdek, viloyat hokimining jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.

Tayinlovga qadar viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Andijon viloyati hamda Asaka tumani hokimligiga 

Tahririyatimiz holatni o’rganib chiqar ekan tuman hokimligi faoliyatida bir qator kamchiliklarni ham aniqladi. 

Tuman hokimligining rasmiy veb-sayti ishlmayabdi. Andijon viloyatining 345 mindan ortiq aholisi (Wikipedia) istiqomat qiluvchi tuman hokimligining rasmiy web-sayti ishlamayotgani hokimlik mamlakatdagi ochiqlik siyosatini yetarlicha qo’llab-quvvatlamayotgani bildiradi;

Tuman va viloyat hokimligi Matbuot xizmati faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjud. Tuman hokimining murojaatchilarga nisbatan qo’polligi hamda rahbar va davlat xizmatchisiga mos bo’lmagan xatti-harakatlari Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan va jiddiy tanqidlarga uchrayotganiga qaramay hokimlik Matbuot xizmati holatga hech qanday izoh va munosabat ham bildirmagan.

Tuman hokimiga elektron shaklda murojaat yo’llash yoki hokimlik faoliyati yuzasidan fuqarolarning fikr bildirish imkoniyati yaratilmagan. Hokimlik facebook sahifasida keltirilgan murojaatlar uchun ko’rsatilgan manzilga xabar yo’llashning imkoni yo’q. Hokimlikning ijtimoiy tarmoqlardan faqat facebook va telegramda sahfalari bor, ammo facebook orqali yo’llangan murojaatlarga munosabat bildirilmagan hamda telegram orqali izoh yoki fikr yuborishning umuman imkoniyati mavjud emas.

rakurs.news veb-sayti tahririyati O’zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida” va “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlariga asosan trgishli davlat organlari holat yuzasidan izoh berishi hamda Asaka tuman hokimining fuqaroga nisbatan qilgan xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishi va mutasaddi tashkilotning munosabati e’lon qilinishini so’raydi.