Atom elektr stansiyalari: O‘zbekiston katta xavf va bosim ostida qoladimi?!
O‘zbekistondagi faol jamoatchilik vakillari Atom elektr stansiyalari qurilishiga mutlaq qarshi.
Bir necha yillardan beri O‘zbekiston hamda Rossiya o‘rtasidagi qo‘shma shartnoma asosida Atom elektr stansiyalari qurilishi haqida xabarlar tarqalib kelmoqda. 2024-yil 26-27-may kunlarida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi ortidan AESlar qurish masalasi yanada oydinlashdi.
Rossiyaning “Rosatom” hamda O‘zbekistonning “O‘zAtom” agentliklari xabariga ko‘ra, joriy yilning yozidayoq Jizzax viloyatida atom elektr stansiyalarini qurish ishlari boshlanadi. Rossiya agentligi loyihasiga asosan, dastlab sinov tariqasida kichikroq – quvvati 330 MVtga teng bo‘lgan stansiya qurilishi rejalashtirilgan. Agentlikning ta’kidlashicha, atom elektr stansiyasi qurish uchun tanlangan maydon allaqachon nazorat tekshiruvidan o‘tkazilgan, shuningdek, yaroqlilik va xavfsizlik darajasi tasdiqlangan.
“O‘zAtom” agentligi qo‘shma shartnoma shartlari kelishilgani, qurilish ishlari yoz oylaridan boshlanishi haqida rasmiy xabar berishiga qaramasdan, AESlar qurish bo‘yicha shartnoma shartlari keng jamoatchilikka haligacha to‘la ochiqlanmay qolmoqda. Bu holat, o‘z navbatida, faol jamoatchilik vakillarining o‘rinli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda, ulardan ba’zilarini sizning e’tiboringizga havola qilamiz.
Huquqshunos Zafarbek Solijonov o‘zining Telegram blogida AES qurilishi masalasida mutlaq qarshiligini bildirib o‘tgan.
“Xabar qilinishicha, shu yil yoz faslidan Rossiyaning “Rosatom”i boshchiligida Toshkentga yaqin Jizzax viloyatida kam quvvatli AES qurilishi boshlanarkan. Men AES qurilishiga mutlaqo qarshiman! Shu vaqtgacha normal energetika sohas ekspertlariyam bu borada qarshi fikrlarini berdi. Shularga birozgina o‘qiganlarim yuzasidan qo‘shimcha qilsam.
O‘zi qaysidir loyiha kerak-kerakmasligi ushbu soha ilmiy-tadqiqotiga ajratilayotgan summalardayam ko‘rinadi. Dunyo AESdan bosqichma-bosqich voz kechyapti. Rivojlangan davlatlarda qachon bu sohaga mablag‘ ko‘proq ajratilganining tarixiga qarash kifoya. Sovuq urush vaqti (yadro qurollarini ushlab turish va yangilab borish uchun), neft inqirozi bo‘lgan davrlar (neft narxi oshishi), moliyaviy inqiroz davrlarida (energiya va xom-ashyo oshishi) investitsiya kiritilgan, izlanish qilingan. Rus-ukrain urushidayam bu faollashuvni kuzatish mumkin. Biroq yuqoridagi o‘sishlar to‘xtagan va tobora kamaymoqda.
O‘rniga vodorod tadqiqotlari va ishlanmalarini moliyalash karrasiga o‘sgan. (https://financialpost.com/commodities/energy/nuclear-is-out-hydrogen-is-in-where-countries-put-energy-rd-money) Masalan 2002-yilgacha 57 million dollar olgan bu soha 2005-yilning o‘zida 1 milliardga, 2022-yilga kelib esa 3.1 milliard AQSH dollariga yetgan. Boshqa energiya manbalariga ajratilgan summalar taqsimoti haqida internetda ma’lumot to‘la. Loyihaning xavfsizligi, uni har yerga va hamma uchun qurib bo‘lmasligi haqida gapirishimam shartmas. Yana AESni boshqarish qiyin, o‘chirish ilojsiz. Boshqa muqobillarni bemalol boshqarsa bo‘ladi. Setdayam muammo bo‘lmaydi, taqsimlashdayam.
Yana yuqoridagilarga berilgan hisobotlarda nuclear power’ga Amazon, Google, Microsoft va boshqa gigant kompaniyalar pul tikkanini ko‘rsatishlari mumkin. Bular birinchidan, r&d investment bilan stock price boshqa-boshqa narsalar ekanining farqiga bormaydi. Ikkinchidan, ular o‘z serverlarini uzluksiz ishlatib turish uchun elektrostansiyalar sotib oladi. Ularga serverlari ishlab tursa bo‘ldi. Buniyam farqlash kerak. Pastdagi skringayam qarab qo‘yinglar.
Yana bir narsani aytish kerak. AESga boshidan eng ko‘p qarshi turganam, memorandum va shu kabi shunchaki ramziy kelishuvlarni qilib, byurokratiya bilan vaqtni orqaga surayotganam energetika rahbariyati edi. Amaldagisi ham (lekin Sultonovni bilmadim) shu siyosatni qilayotgandi. Unga tashlanish qanchalik to‘g‘ri, bilmadim. Tizimni sal ichidan bilganlar bilan suhbatlashib turganim uchun aytyapman.
Siyosiy tomonini hisobga olsak, 2400 MW o‘rniga 55 MW’ga kelishishganiyam ko‘p narsani hisobga olinganini ko‘rsatyapti. Ruslaram shunga ko‘ngani qiziq tuyulyapti menga. Loyihayam balki yarim yo‘lda qolib ketar. Biroq umuman AES qurilishiga uzoq yillik moratoriy qo‘yish tarafdoriman. Bizga AES kerak emas, ayniqsa hozir.”
Yana bir jamoatchilik faoli, sobiq deputat Rasul Kusherbayev AES qurilishi O‘zbekiston kelajagi, ekologik xavfsizligiga qanchalik ta’sir o‘tkazishidan havotirda ekanini bildirgan. Shuningdek, Kusherbayev bu borada jamoatchilik fikri qanchalik inobatga olingani noma’lumligini aytib o‘tgan.
“Nima bo‘lganda ham ushbu AES kelajakda kimlarningdir qo‘lida O‘zbekistonga bosim o‘tkazish va “shantaj” vositasiga aylanib qolmasa bo‘ldi. Havotirimiz shunda”.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev O‘zbekistonda AES qurish g‘oyasiga keskin qarshilik bildirgan.
“Yozda qurilishi boshlanarkan. Xo‘p, AES kerakdir, lekin nega “kam quvvatli AES” – shuncha ovora bo‘lib qurganga yarasha u-bu kam-ko‘stimizni to‘ldiradigan qurilmaydimi, ey O‘zAtom? Nega Rossiya bilan qurish kerak buni, nega bir ochiq tanlovi, tenderi yo‘q, ey Energetika vazirligi? O‘zAtom nega o‘z xabarida buning narxini, qaysi pulga qurilishini e’lon qilmaydi? Nega aynan Jizzaxda quriladi, qurilish nega yozdayoq boshlanadi, nega aynan Rossiya bilan, nega aynan kam quvvatli AES – tegishli vazirlik va idoralar bu jihatlarni xalqqa tushuntirmaydimi? O‘zbekistonda Rossiya AESi qurilmasin! Bir o‘zbekistonlik sifatida man bu loyihaga to‘liq qarshiman!”
Ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi mazmunda e’tirozlar va savollar bisyor. O‘zAtom bu masalalar yuzasidan qanday tushuntirish berishi jamoatchilikka qiziq. Atom elektr stansiyasi qurilishi to‘xtatilishi mumkinmi yoki yo‘q, bu masala hozircha qorong‘u.
AES qurilmasligi kerak!