Buxoroda yirik majmualar qurilishi boshlandi

Davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi ulkan loyihalarga asos bo‘lishi yaxshi an’anaga aylangan.

Bu gal ham shunday bo‘ldi – Buxoro viloyatida yirik energetika va transport majmualarining qurilishi boshlandi.

Mamlakatimizda so‘nggi 5 yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,4 barobarga ko‘payib, birgina o‘tgan yilda 553 trillion so‘mni tashkil etdi. Buxoroda esa bu ko‘rsatkich 1,6 barobarga oshib, 30 trillion so‘mga yetdi.

Viloyatda 7 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 41 ta va yana shuncha qiymatdagi 39 ta mahalliy loyiha bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Endi yana 3 ta yirik inshoot – gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi, Buxoro xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur loyihalarning ahamiyati haqida so‘zladi.

Ulardan biri “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida quriladigan gaz-kimyo majmuasidir. U “methanol to olefins” (MTO) texnologiyasi asosida ishlaydigan yurtimizdagi birinchi zavod bo‘ladi.

Loyiha doirasida qariyb 5 milliard dollar investitsiya jalb etilib, AQSH, Germaniya, Daniya, Avstriya, Italiya va Xitoyning eng ilg‘or texnologiyalari keltirib o‘rnatiladi. Yagona majmua doirasida yiliga 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz va 430 ming tonna neft qayta ishlanib, yurtimiz va jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan 1,1 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday mahsulotlar gaz narxiga nisbatan 5 barobar ko‘p qo‘shilgan qiymat beradi.

Yangi zavodda 2 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, u qurilish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, avtomobilsozlik, elektrotexnika va boshqa turdosh sohalarda o‘nlab korxonalar, yana 4 mingta ish o‘rni ochilishiga turtki bo‘ladi.

Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida Buxoroda nafaqat turizm, balki sanoat ham haqiqiy “drayver”ga aylanadi.

Iqtisodiyotning barqaror o‘sishi elektr energiyaga bo‘lgan talabni yiliga o‘rtacha 6 foizga oshirmoqda. Shu bois joylarda yangi generatsiya quvvatlari barpo etib borilmoqda.

So‘nggi yillarda 2 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 2 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi. Bugungi kunda xorijiy sheriklar bilan jami 19 milliard dollarlik 18,3 gigavattli 32 ta “yashil” generatsiya quvvatlari qurilmoqda.

Joriy yilning o‘zida 14 ta quyosh va shamol stansiyasining dastlabki 2,6 gigavatti tarmoqqa ulanadi. Natijada yurtimizda ishlab chiqariladigan jami quvvatda muqobil energiya ulushi 9 foizdan 15 foizga oshadi. Umuman, 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Bunda, albatta, serquyosh Buxoroning alohida o‘rin tutadi. Hozirgi kunda viloyatda qariyb 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 4 gigavattli 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Endi ularning safiga Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quriladigan 250 megavattli quyosh elektr stansiyasi ham qo‘shiladi. Bu loyiha uchun Olot tumanidan 648 gektar yer ajratilgan. Stansiya 2025-yil dekabrda yagona elektr tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilgan.