Dunyodagi eng keksa yalqov 54 yoshga toʻldi    

Germaniyaning Krefeld nomli hayvonot bogʻida yashovchi ikki barmoqli yalqov hayvoni oʻz turiga mansub tarixdagi eng keksa sutemizuvchiga aylandi. Yan ismli hayvon 54 yoshga yetdi va Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi. Bu haqda “Pravila jizni” nashri xabar bermoqda.   

Yalqovlar tabiatan sekin harakat qiladigan hayvonlar boʻlsa-da, Yan haqida bunday deya olmaymiz. U qarib qolganiga qaramay, faol harakatlanadi va hayvonot bogʻida umuman zerikmaydi. Masalan, Yan kuni kecha 22-marta ota boʻldi.    

Cholepus turkumiga mansub mazkur dangasa jonivor Janubiy Amerikaning yovvoyi tabiatida tugʻilgan. U 1970-yilda taxminan 6 oylik paytida topib olingan va tez orada hayvonot bogʻiga olib kelingan. Zoopark ishchi xodimlarining soʻzlariga koʻra, yalqovning sogʻligʻi a’lo darajada. Boshqa hayvonlar kabi Yan ham asosiy vaqtini daraxtlarda oʻtkazadi, chunki u oʻta sekin harakat qiluvchi yalqovlarning metabolizmi ham shunday sekin ishlaydi va ularga ovqat hazm qilish uchun koʻproq vaqt kerak boʻladi. Ular bir martalik yegulikni ba’zida bir necha kun yoki bir hafta davomida hazm qilib yuradi.