Eronning vaqtinchalik yangi prezidenti: Muhammad Moxber kim?
Eronning birinchi vitse-prezidenti, 68 yoshli Muhammad Moxber prezident Ibrohim Raisiyning aviahalokat oqibatida vafot etganidan so‘ng mamlakatning muvaqqat raisi – prezident, deb e’lon qilindi.
Xo‘sh, Muhammad Moxber kim va u qancha vaqt Eron Islom Respublikasi prezidenti vazifasini bajaradi?
Muhammad Moxber 2021-yilda Ibrohim Raisiy prezident etib saylanganidan keyin birinchi vitse-prezident lavozimini egallagan. Reuters.com sayti yozishicha, Moxber 2010-yilda “yadroviy va ballistik raketa faoliyati”da ishtirok etgani uchun Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan, 2012-yilda ro‘yxatdan o‘chirilgan. Shuningdek, u 2022-yil oktyabrida Moskvaga tashrif buyurgan eronlik amaldorlar guruhida bo‘lib, Rossiyaga raketa va dronlar yetkazib berishga rozilik bildirgan.
Eron Islom Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, prezident bilan o‘lim, ishdan bo‘shatish, iste’foga chiqish yoki 2 yildan ortiq kasallik holatlaridan biri yuz berganda, 3 kishidan iborat Hukumat kengashi tuziladi. E’lon qilingan muvaqqat prezident sifatida Muhammad Moxber sobiq prezident vafotidan so‘ng 50 kun ichida yangi prezidentlik saylovlarini tashkil etadigan parlament spikeri Muhammad-Bager Galibaf hamda sud hokimiyati rahbari Oyatulloh Ali Xameney bilan birga 3 kishilik kengashning a’zolari hisoblanadi.
Eron Islom Respublikasi Konstitutsiyasining 131-moddasiga asosan, endilikda 50 kun muddat ichida respublika bo‘ylab prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Shu muddat davomida prezidentning vakolat va majburiyatlari birinchi vitse-prezident zimmasiga yuklatiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Eron Islom Respublikasida navbatdagi prezidentlik saylovlari 2024-yilning 8-iyul kuniga qadar o‘tkaziladi.