Favqulotda vaziyatlar vazirligi “Hisorak” suv omboridan suv sizib chiqishi holati bo‘yicha bayonot berdi
10-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak GES” UK boshqarmasiga qarashli “Hisorak” suv ombori to‘g‘onining chap tarafidan qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik texnik tadbirlari vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgan.
Avariya oqibatini bartaraf etish maqsadida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi rahbarligida viloyat hokimi, Favqulotda vaziyatlar boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi boshliqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar xodimlaridan iborat tezkor shtab tuzilib, maxsus texnikalar yordamida barcha zarur muhandislik tadbirlari olib borilmoqda.
“Vaziyat Favqulotda vaziyatlar vazirligi nazoratida, suv omboriga shikast yetmagan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok boʻlganlar yoʻq. Hurmatli fuqarolar, ortiqcha havotirga oʻrin yoʻq, vaziyat toʻliq nazoratga olingan”, deyiladi bayonotda.
Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov hamda Qashqadaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig’i Farxod Mirzayev “Hisorak” suv ombori oldida turib, holat bo’yicha video murojaat yo’lladi.
Murojaatda aytilishicha, har yili yoz fasli boshida paxta va g’allani sug’orish maqsadida Qamashi tumanidagi “Chimqo’rg’on” suv omboriga suv chiqariladi. Joriy yilda ham shu tadbir amalga oshirilgan vaqtda suv sathi ko’tarilishi kuzatilgan.
Mas’ullar aholidan vahimaga tushmaslikni, hammasi nazorat ostida ekanligini, hech qanday jiddiy xavf yo’qligini, yolg’on xabarlarga ishonmaslikni ta’kidlashgan.
Shuningdek, aholidan o’z yashash joylarini tark etmaslik, aksincha hamma o’z yashash uyida qolib, tunni sokin o’tkazishlari so’ralgan.