Germaniyada boʻlib oʻtayotgan Yevro-2024 chempionati 2-turining dastlabki 3 oʻyini yakunlandi.
A guruhidan oʻrin olgan Germaniya – Vengriya bahsida turnir mezbonlarining qoʻli baland keldi. Oʻyinning 22-daqiqasida nemislar a’zosi Jamal Musiala hisobni ochgan boʻlsa, 66-daqiqada jamoa sardori Ilkay Gundogan tablodagi hisobni 2-0 koʻrinishiga keltirib qoʻydi va guruhda 6 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qoldi.
Ushbu guruhdan oʻrin olgan Shotlandiya-Shveysariya uchrashuvi ham teng kurashlar ostida oʻtdi. 16-daqiqada Shotland yarimhimochachisi Skot Maktomineyning bergan zarbasi rekoshet natijasida darvozaga kirib ketdi va hisob ochildi. 26-daqiqada oldinda borayotgan Shotlandiya terma jamoasi oʻyinchilari himoyada qoʻpol xatoga yoʻl qoʻyishdi, bundan foydalangan Shveysariya hujumchisi Jerdan Shakiri oʻyindagi muvozanatni tikladi. 2-boʻlimda ikki jamoa ham darvoza daxlsizligini saqlab qola olishdi. Yakuniy hisob 1-1.
B guruhi 2-tur doirasida bahsga kirishgan Xorvatiya-Albaniya oʻyinida gʻolib aniqlanmadi. Oʻyinning 11-daqiqasida qizil bayroq egalari vakili Latsi Xorvatiya darvozasiga toʻp kiritdi va 1-boʻlim Albaniyaning ustunligi bilan yakunlandi. 2-boʻlimning 74-daqiqasida Xorvatiya oʻyinchisi Kramarich gol urib tabloda muvozanatni yuzaga keltirdi, 1-1. Oradan 2 daqiqa oʻtib esa Albaniya a’zosi Gyasula avtogol bilan raqiblarini oldinga oʻtib ketishiga sabab boʻldi. Biroq, avtogol muallifi Gyasula 90+5 daqiqada oʻz aybini gol bilan yuvdi va jamoasini magʻlubiyatdan qutqarib qoldi. Yakuniy hisob 2-2. Ushbu turdan soʻng ikki jamoada ham 1 ochko mavjud boʻlib, Xorvatiya 4-oʻrin, Albaniya 3-oʻrinni band etib turipti.
Eslatib oʻtamiz, Yevro-2024 turniri 14-iyundan 14-iyulga qadar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.