“Haj-2024” mavsumida O‘zbekistonga 15 000 ta kvota berildi
AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov “Haj-2024” mavsumiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi:
“Joriy yilning 23-maydan 7-iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti: Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali hojilarni Madina shahriga yuborish va 22-iyundan 12-iyulga qadar Jidda shahridan O‘zbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi.
Bu yilgi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni paytda Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek Mino, Arofat, Muzdalifa manzillarida bo‘lib, yurtdoshlarimiz uchun sharoitlarni hozirlash maqsadida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar.
Ma’lumot uchun: Ziyoratchilarimiz Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasida, Makka shahrida esa “Abraj al-Dana”, “Al-Ayam Elite”, “Dali Hotel”, “Najma Al-Saad”, “Open Hotel”, “Shueae Nozha Hotel”, “Ayed Al-Saha” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar.
“Saudiya Arabistoni hukumati qolgan barcha turdagi vizalar – umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga qatʼiy yoʻl qoʻymasligini eslatib oʻtamiz.
Respublikamizda “Haj” tadbiri Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-son “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻtkaziladi. Shunga koʻra, haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi.
Shunday ekan, turli aldov yoʻllari bilan hajga olib borishni vaʼda qilayotgan firibgarlarga ishonmaslikka chaqiramiz!