Jizzaxda II Xalqaro maqom sanʼati anjumani boʻlib oʻtadi
27–30-iyun kunlari Jizzaxda II Xalqaro maqom sanʼati anjumani boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Anjuman Zomin tumanidagi “Zominsoy” hududida yangidan barpo etilgan amfiteatrda oʻtkazilishi belgilangan. Hozirgi kunda, tadbirga qizgʻin tayyorgarlik ketmoqda.
Anjuman Respublika Madaniyat vazirligi, Turizm qoʻmitasi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda. Ushbu xalqaro anjumandan koʻzlangan maqsad maqom yoʻnalishini rivojlantirish, jahonda oʻzbek mumtoz sanʼati namunalarini keng tanitishdir.
Ushbu nufuzli anjumanda dunyoning 40 dan ziyod davlatidan ishtirokchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, xorijiy mehmonlar kelishi kutilmoqda.
Tadbirda doirasi Qoraqolpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar oʻzining urf-odat, o‘zgacha arxitekturasi, hunarmandchilik namunalarini taqdim etuvchi qoʻrgʻonlar quriladi.
Anjuman doirasida sanʼatning barcha turi: milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, fotosuratlar jumladan, Xalqaro musiqa yarmarkasi, maqom sanʼatiga oid turli koʻrgazmalar bo‘lib o‘tadi.
Aytish kerakki, ushbu festival prezidentimiz tashabbusi bilan ilk bor 2018-yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida oʻtkazilgan edi.