Kiyim ta’lim sifatiga ta’sir qilmaydi – Qo’ng’irotboy Sharipov
Joriy yilning 21-iyun kuni Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov yoshlar bilan uchrashib, tadbir yakunlangach, vazir jurnalistlarning turlicha savollariga javob beradi.
Top-500 lik
Vazir savollarga javob berar ekan, o‘zbek oliygohlari 2030-yilgacha dunyoning Top-500 talik OTMlari reytingiga kira olishiga ishonch bildiradi. Uning aytishicha, hozir Irrigatsiya instituti 550-o‘rinda turibdi. “Albatta, hali oldimizdagi strategiyaga 3-4 yil bor, shu “temp”da davom ettirsa, nafaqat 500 talikka, balki 300 talikka ham kirishi mumkin. Buning uchun o‘z ustida doimiy ishlash kerak. Milliy universitet ham hozir 700-o‘rinda, unda ham bu imkoniyat bor”, – deydi oliy ta’lim vaziri.
Nega “galstuk taqqin” deyish kerak?
Shuningdek, vazir ko‘plab ta’lim muassasalarida turlicha muammolarni keltirib chiqarayotgan talabalar formasi mavzusiga ham to‘xtalgan: “Hech kim tomonidan unaqa topshiriq bo‘lmagan. Lekin har bir oliy ta’lim muassasasi o‘zining brendini yaratishi kerak. “OTM yuqori malakali mutaxassis tayyorlayapti” degan brend, bu nafaqat o‘qituvchilarda, talabalarda ham ko‘rinishi kerak. Chunki OTM – bu madaniyat o‘chog‘i ham. Har bir OTMda qabul qilingan tartib bor. Shu tartibga rioya qilsa, marhamat… U OTM bilan shartnoma qilyapti… Masalan, hozir siz yaxshi kiyinibsiz, mana shunday kiyinib yursa, nimasi yomon, kelaversin darsga, nega “galstuk taqqin” deyish kerak?
Kiyim ta’lim sifatiga ta’sir qilmaydi
Qo‘ng‘irotboy Sharipov kiyim ta’lim sifatiga ta’sir qiladimi, deb savolga: “Albatta, ta’sir qilmaydi ”, deya javob beradi. “Lekin bu – jamiyat. Unday bo‘lsa, jamiyatda har xil kiyimdagi odamlar paydo bo‘ladi. Bitta bizni aytyapsizlar… Hozir men boshqa nimaga tegsam, sizlar boshqacha talqin qilasizlar uni, shuning uchun buni bitta yo‘nalishga ko‘proq e’tibor berib, boshqa yo‘nalishga e’tibor bermasak, u ham yaxshi emas. Keyin har xil to‘qnashuvlar va ziddiyatlar paydo bo‘ladi”, – deydi u.
HEMIS tizimi muammolari
Vazirga O‘zbekistonda HEMIS tizimining qolib ketgan fanlarni kredit to‘lab yopish qismigina ishlashi, O‘zbekiston talabalari ham boshqa xorijiy universitet talabalari kabi o‘zlari xohlagan fanlarni va o‘qituvchilarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida savol beriladi. Bunga javoban vazir quyidagicha javob qiladi: “HEMIS ustida ishlash jarayoni hali oxirigacha yetmagan. Bu bizning aybimiz demaymiz, bu – doimiy jarayonda. Oldimizda turgan masala – oliy ta’limni raqamlashtirishimiz kerak. Buning birinchisi bosqichi HEMIS bo‘lgan. Bu tizimda talabalar bilimini baholab borish uchun, ular uchun qo‘shimcha 40 ga yaqin xizmat bor (ma’lumotlar olish nuqtayi nazaridan). Shuning uchun hali oldinda qiladigan ishlarimiz bor”, – dedi vazir.