Mas’ud Pezeshkiyon Eronning to‘qqizinchi prezidenti bo‘ldi

Eronda prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozonib, davlatning to‘qqizinchi prezidenti bo‘lgan Mas’ud Pezeshkiyon siyosiy maydondagi raqiblarini “aka-uka”larim, deb atadi va barchaga do‘stlik qo‘lini cho‘zishga va’da berdi.

“Nour News” agentligi yangi prezidentning quyidagi so‘zlarini iqtibos sifatida keltirgan:

– Men hammaga do‘stlik qo‘lini cho‘zaman va barchani mamlakat rivojiga jalb qilaman!

Avvalroq EIR saylov komissiyasi rahbari Muhsin Islomiy islohotchi siyosatchi Mas’ud Pezeshkiyon Eronda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovi hal qiluvchi bosqichida 16 384 403 ovoz to‘plab, g‘alaba qozonganini ma’lum qilgan edi. Uning raqibi – konservator Said Jaliliyni 13 538 179 kishi qo‘llab-quvvatlagan. Islomiyning so‘zlariga ko‘ra, jami 30 573 931 byulleten ko‘rib chiqilgan, saylovchilar ishtiroki 49,8 foizni tashkil etgan.