Abdulla Aripov Turkmanistonga tashrif buyurishi kutilyapti
Mustaqil davlatlar Hamdo‘stligi hukumat rahbarlari Kengashining yig‘ilishi 24-may kuni Ashxobodda bo’lib o’tadi – deyiladi MDH ijroiya qo‘mitasi xabarida
Uchrashuv kun tartibi loyihasida 12 ta masala o’rin olgan. An’anaga ko‘ra, tor formatda Kengash a’zolari Hamdo‘stlikdagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb mavzulari bo‘yicha fikr almashadilar.
Energetika sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor tadbirlar rejasi, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar hududlari bo‘ylab o‘tadigan infratuzilmani optimallashtirish va xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi loyihalarini keng miqyosda muhokama qilish taklif etiladi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda sog‘liqni saqlash, kimyo sanoati, xavfli chiqindilarni boshqarish va intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik bilan bog‘liq bir qator hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Hukumat rahbarlari Kengashining kun tartibidagi yana bir masala – Ashxobodni Hamdo‘stlikning yangi sport imkoniyatlari shahri deb e’lon qilish.