Moskva yaqinida dahshatli yong‘in. Oqibatida 8 kishi halok bo’ldi‘.

Moskva oblasti Fryazino shahridagi «Platan» ilmiy-tadqiqot instituti hududida ro‘y bergan yong‘in sakkiz kishini hayotdan olib ketdi.

Xabar qilinishicha, binoning to‘rt qavati yonib ketgan. Ichkarida qolib ketganlar bir necha soat davomida derazada yordam kutishgan, ammo o‘t o‘chiruvchilar ularga yetib bora olmagan. Yong‘inni o‘chirish chog‘ida ikki qutqaruvchi ham jarohatlangan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, binoda jami to‘qqiz kishi bo‘lgan, shundan faqat bir kishi qutqarilgan. U shifoxonaga yotqizilib, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Shuningdek, ikki o‘t o‘chiruvchi is gazidan zaharlanish belgilari bilan shifokorlarga murojaat qilgan.

Yong‘in 24- iyun kuni tushdan keyin Zavodskoy proyezd, 2-uy manzilidagi sakkiz qavatli ma’muriy binoda boshlangan. Bu «Platan» ilmiy-tadqiqot instituti joylashgan manzilga to‘g‘ri keladi. Institutni o‘z ichiga oluvchi «Roselektronika» holdingi yong‘in chiqqan bino 1990-yillarda xususiylashtirilgani va kompaniyaga aloqador emasligini ma’lum qilgan.Olov beshinchi qavatda boshlanib, sakkizinchi qavatgacha ko‘tarilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in maydoni 5 ming kv. metrni tashkil etmoqda.

TASS ma’lumotiga ko‘ra, binoning to‘rt qavati butkul yonib ketgan. Binoda portlash ham sodir bo‘lgan, oltinchi qavatda gaz balloni portlab ketgan.Yong‘inni o‘chirishga 100 dan ortiq o‘t o‘chiruvchilar, o‘nlab o‘t o‘chirish mashinalari, Ka-32 rusumli ikkita vertolyot jalb etilgan.

Moskva oblasti prokuraturasi yong‘in sabablari o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.«Interfaks» agentligi favqulodda xizmatlarga asoslanib sodir bo‘lgan voqea sabablari bo‘yicha turli versiyalar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan. «Birinchi navbatda – qisqa tutashuv va jihozlar nosozligi», deyiladi xabarda.