Qonunchilik palatasi Spikeri va spiker o‘rinbosarlari saylandi
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri lavozimiga Nurdinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilov hamda Deputatlar Mavluda Xoʻjayeva, Rahimjon Hakimov Spiker oʻrinbosarlari etib saylandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod ko‘rsatish uchun deputatlar orasidan Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etgan har bir siyosiy partiyadan uch nafar deputatdan iborat Siyosiy partiyalar vakillari kengashini tuzdilar.
Qisqa tanaffusdan so‘ng, Siyosiy partiyalar vakillari kengashining taklifiga binoan, deputatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan XDP deputati Nurdinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spiker etib sayladilar.
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yangi tarkibdagi birinchi majlisida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtrok etmoqda. Shavkat Mirziyoyev Nuriddin Ismoilovning Spiker etib saylangani haqida munosabat bildirdi:
“Xalq buyuk, uning noibi bo‘lish — katta mas’uliyat yuki. Spiker Nuriddin Ismoilov ham o‘z yoniga yosh jamoani to‘plab, kelgusi 5 yilda mutloq yangicha ishlash, yangi parlament tuzishda o‘z tajribasi, fidoyiligini ko‘rsatadi deb o‘ylayman”.
Shundan so‘ng, Majlisga raislik qilish vakolati Reglamentga asosan Qonunchilik palatasining yangi saylangan Spikeriga o‘tdi va Nuriddin Ismoilov majlisni olib borishni davom ettirdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari Siyosiy partiyalar vakillari kengashining tavsiyasiga asosan Qonunchilik palatasi tomonidan saylanadi. Ushbu Qonunga ko‘ra Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni, qoida tariqasida, 2 nafardan oshmasligi kerakligi belgilangan.
Siyosiy partiyalar vakillari kengashi qarorini Siyosiy partiyalar vakillari kengashi raisi Aktam Xaitov o‘qib eshittirdi. Unga ko‘ra, O‘zLiDePdan saylangan deputat Mavluda Xo‘jayeva Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari etib ko‘rsatildi va ovoz berish yo‘li orqali saylandi.
Shundan so‘ng, O‘zLiDePdan saylangan deputat Rahimjon Hakimovni Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari etib ko‘rsatildi va ovoz berish yo‘li orqali saylandi.