Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik
Parij-2024 olimpiadasi uchun O‘zbekiston U-23 terma jamoasining tayyorgarlik jarayonlari 4-iyuldan 9-iyulga qadar davom etadi.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Parij olimpiadasi oldidan yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazadi. Olimpiyachilarimiz 3-iyul kuni yig‘ilishadi, 4-iyuldan 9-iyulgacha terma jamoa mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Timur Kapadze qo‘l ostidagi O‘zbekiston U-23 jamoamiz so‘nggi mashg‘ulotlardan keyin o‘rtoqlik uchrashuvlariga jo‘nab ketishadi. Hamyurtlarimiz 11-iyul kuni Toshkentdan Fransiyaga uchib boradi. Avvaliga Marsel shahrida yig‘in tayyorgarlik jarayoni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. So‘ngra olimpiyachilarimiz 15-iyulda Parij Olimpiadasining yana bir ishtirokchisi Gvineyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etadi. Keyingi o‘rtoqlik uchrashuvi esa 18-iyul Yangi Zelandiyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Bu ikki o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi Parij Olimpiadasiga yo‘l oladi. Eslatib o‘tamiz, Timur Kapadze qo‘l ostidagi olimpiya terma jamoamiz 24-iyuldan 10-avgustgacha davom etadigan Parij Olimpiadasida ishtirok etadi. O‘zbekiston U-23 jamoasiga olimpiada o‘yinlarida ulkan zafarlar tilaymiz.