“Parij-2024”: Tayyorgarlik mashg‘ulotlariga qancha mablag‘ sarflandi?
Milliy olimpiya qo‘mitasi joriy yil iyul-avgust oylarida Fransiya poytaxti Parijda o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga hozirlik ko‘rayotgan sport federatsiyalariga birinchi chorak davomida qancha mablag‘ ajratilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni e’lon qildi.
Aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari tomonidan “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning birinchi choragi davomida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan 20 ta sport federatsiyasi va uyushmalar taqdim etgan talabnomalar asosida mahalliy va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari uchun 73 milliard 355 million 700 ming so‘m ajratilgan va moliyalashtirilgan.