Rasman! Jiru terma jamoadagi faoliyatini yakunlaydi
37 yoshli hujumchi Yevro-2024 turniridan soʻng terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini e’lon qildi.
Fransiya terma jamoasi hamda Italiyaning “Milan” klubi futbolchisi Olivye Jiru 14-iyundan 14-iyulga qadar Germaniya davlati mezbonligida boʻlib oʻtuvchi Yevro-2024 musobaqasi yakunlanganidan soʻng, terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi. Jiru Fransiya terma jamoasi safida 131 o‘yinda maydonga tushib, 57 gol bilan Fransiya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. 2018-yil Rossiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati g‘olibi Olivye Jiru o‘zining professional futbolchilik faoliyatida bir qator samarali natijalar qayd etgan.
Jiru 2017-yilda nufuzli “Pushkash” sovrinini qoʻlga kiritgan, bu sovrin har yili dunyo bo‘ylab eng chiroyli gol muallifi egasiga topshiriladi. Qahramonimiz 2018-19-yilgi mavsum Yevropa ligasida 11 gol bilan eng yaxshi toʻpurar unvoniga ega boʻlgan, shuningdek, Jiru Yevropaning eng nufuzli turnirlaridan biri bo‘lgan Chempionlar ligasida 2021-2022-yilgi mavsum “Chelsi” safida toʻp tepib, turnir g‘olibi bo‘lgan. 2021-22-mavsumda u “Milan” bilan birga Italiya chempionligiga erishdi. Jiru 4 karra Angliya kubogiga sazovor boʻlgan, ushbu sovrinlarga 2014-,2015- va 2017-yillarda “Arsenal” bilan, 2018-yilda esa “Chelsi” bilan erishgan. Shuningdek, 2014-,2015- hamda 2017-yilda “Arsenal” jamoasi bilan 3 bor Angliya superkubogi sovrinini yutishga muvaffaq boʻlgan.
Ko‘plab ishonchli insayderlar xabarlariga ko‘ra, Jiru “Milan” klubi bilan shartnomasi yakunlanganidan so‘ng o‘z faoliyatini AQShning MLSida davom ettiradi.