“Uyda yolg‘iz” filmidagi Kevin Makkallisterning uyi sotuvga qo‘yildi.

AQSHda “Uyda yolg‘iz” filmi suratga olingan, Makkalisterlar oilasi yashagan uy sotuvga qo‘yildi. Sotuv haqida xabar Zillow nomli ko‘chmas mulk savdosi saytida e’lon qilindi.

Uyning umumiy maydoni 848 kvadrat metr, shiftlar balandligi 3,2 metr bo‘lgan ikki qavatli uy Chikago shimolidagi Unnetka rayonida joylashgan.

Ko‘chmas mulk ikkita mehmonxona, beshta yotoqxona va oltita hammomdan iborat. Uyning interyeri filmdagi xonadondan ancha boshqa ko‘rinishda, chunki uning egalari 2018-yilda uyni to‘liq zamonaviy ta’mirdan chiqargan.Yerto‘la ham rekonstruksiya qilinib, unda sport zali, turli o‘yinlar uchun dam olish xonasi hamda kichik kinozal o‘rin olgan.

Uyning egalari mashhur film shukuhi saqlanib qolishi uchun undagi oshxona, mehmonxona va birinchi qavatdagi dam olish xonasi dizaynini o‘zgarishsiz qoldirgan.

1921-yilda qurilgan mazkur xonadon 5,25 million dollarga sotilmoqda. Shu vaqtgacha uy 4 marotaba turli xaridorlarga sotilgan.