Xitoy “uyg‘ur madaniyatini yo‘q qilish uchun” yuzlab qishloqlarning nomlarini o‘zgartirdi
Faollar uyg‘urlarga nisbatan inson huquqlari muntazam ravishda poymol etilayotganiga oid dalillar ortib borayotganiga ishora qilmoqda.
Nyu-Yorkda joylashgan Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Xitoy “musulmon uyg‘ur madaniyatini yo‘q qilish” uchun Shinjon viloyatidagi yuzlab qishloqlarning nomini o‘zgartirgan. BBC bu da’vo yuzasidan Xitoyning Londondagi elchixonasi bilan bog‘langan, ammo Xitoy rasmiylari hech qanday bayonot bermagan.
HRWning yangi hisobotiga ko‘ra, 2009-2023 yillar oralig‘ida Shinjondagi uyg‘urlarning dini, tarixi yoki madaniyati bilan bog‘liq bo’lgan yuzlab qishloqlar nomi o‘zgartirilgan. Xitoyning oʻzi chop etgan maʼlumotlarga asoslangan tadqiqotda hudud nomlaridan “sulton”, “maqbara”, “xoʻja” kabi soʻzlar olib tashlangan va oʻrniga “uygʻunlik”, “baxt” kabi nomlar qoʻyilgani qayd etilgan. HRW va Norvegiyadagi Uyghur Help tashkiloti tadqiqotchilari Xitoy Milliy statistika byurosi veb-saytidan 14 yil davomida Shinjondagi qishloqlarning nomlarini o‘rganib chiqdi. Bu davrda Shinjondagi 25 ming qishloqdan 3600 tasining nomi oʻzgartirilganligi aniqlandi. HRW ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlarning aksariyati “oʻzgarmagandek odatiy koʻrinadi” ammo beshdan bir qismi (630 ta o‘zgartirish) uyg‘ur dini, madaniyati yoki tarixiga oid havolalarni olib tashladi. Hisobotda ta’kidlangan misollardan biri Shinjon janubi-g‘arbidagi Aqto‘ tumanidagi Akmesjit qishlog‘idir. Qishloq nomi 2018 yilda Birlik qishlog‘i deb o‘zgartirildi. So‘nggi yillarda olib borilgan ko’plab tadqiqotlar Xitoyda musulmon uyg‘urlarga nisbatan inson huquqlari muntazam ravishda poymol etilayotganiga ishora qilmoqda.
Xitoy hukumati so‘nggi yillarda Shinjonda jamiyatni tubdan o‘zgartirib, mamlakatdagi ozchilik uyg‘ur aholisini asosiy Xitoy madaniyatiga singdirishga urinishda ayblanmoqda. Pekin ma’muriyati bu ayblovlarni rad etadi. Xitoydagi uyg‘ur musulmonlarining aksariyati mamlakat shimoli-g‘arbidagi Shinjon, Sinxay, Gansu va Ningxia kabi hududlarda istiqomat qiladi. Ammo kuzatuvchilar so‘nggi yillarda uyushgan dinga nisbatan bosim kuchayganini ta’kidlamoqda. HRW maʼlumotlariga koʻra, mamlakatdagi qishloq va shaharlarning nomlari hali ham oʻzgartirilmoqda, biroq oʻzgarishlarning aksariyati 2017-2019 yillar oraligʻida kiritilgan. Inson huquqlari tashkilotining da’vo qilishicha, bu Shinjonda uyg‘ur aholisiga qarshi adovat kuchaygan davrga toʻgʻri keladi. Qishloqlarga hukumat tashviqotini aks ettiruvchi nomlar berilgan “Xitoy hukumati uygʻurlar uchun boy maʼnoga ega boʻlgan Shinjondagi yuzlab qishloq nomlarini hukumat tashviqotini aks ettiruvchi nomlar bilan oʻzgartirmoqda”, dedi Human Rights Watchning Xitoy direktori oʻrinbosari Maya Vang va qoʻshimcha qildi: “Bu nom oʻzgarishlari Xitoy hukumatining uygʻur madaniyati va diniy ifodalarini oʻchirishga qaratilgan harakatlarining bir qismiga oʻxshaydi”.
O‘tgan yili e’lon qilingan boshqa hisobotida HRW Xitoyni mamlakatdagi masjidlarni yopish, buzib tashlash va ularni boshqa maqsadlarga aylantirishda ayblagan.